14-modda. Qishloq xoʻjaligi kooperativiga (shirkat xoʻjaligiga) yer uchastkalari berish. Yerdan foydalanish
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida (600-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar qishloq xoʻjaligi kooperativlariga (shirkat xoʻjaliklariga) belgilangan maqsadda tovar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yuritish uchun ellik yilgacha boʻlgan, lekin oʻttiz yildan kam boʻlmagan muddatga ijaraga beriladi.
Yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanayotgan qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkat xoʻjaliklari) qoʻshimcha ravishda ijaraga yoki vaqtincha foydalanish uchun yer uchastkalari olishlari mumkin.
Qishloq xoʻjaligi kooperativlariga (shirkat xoʻjaliklariga) berilgan yerlar jamoat egaligidagi yerlardan, shuningdek fuqarolarga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berib qoʻyilgan yerlardan iborat boʻladi hamda ulardan faqat belgilangan maqsadda foydalaniladi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativiga (shirkat xoʻjaligiga) berib qoʻyilgan yer uchastkalari xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyektlari boʻlishi mumkin emas. Bu yer uchastkalari fermer va dehqon xoʻjaliklari yuritish uchun belgilangan tartibda berilishi mumkin. Qishloq xoʻjalik kooperativining (shirkat xoʻjaligining) foydalanilmayotgan yerlari boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ikkilamchi ijaraga yoki vaqtincha foydalanishga uch yilgacha boʻlgan muddatga yerdan foydalanishni yangi muddatga uzaytirish huquqi bilan berilishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) xodimlariga dehqon xoʻjaligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga yer uchastkalarini ajratish qonunchilikda nazarda tutilgan oʻlchamlar va tartibda amalga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativlarining (shirkat xoʻjaliklarining) yer uchastkasiga boʻlgan huquqi ular uyushmalar, jamiyatlar, agrofirmalar va boshqa birlashmalar tarkibiga kirganida ham saqlanib qoladi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativining (shirkat xoʻjaligining) yerdan foydalanish sohasidagi huquq va majburiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativiga (shirkat xoʻjaligiga) berilgan yer uchastkalarini olib qoʻyish belgilangan kafolatlarga rioya etilgan holda qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
