18-modda. Nizolarni hal etish
Havo qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 05.10.2009 · Amalda
1. Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq har qanday nizo vujudga kelgan taqdirda, Ahdlashuvchi Tomonlar, birinchi navbatda, uni bevosita muzokara oʻtkazish yoʻli bilan hal etishga intiladilar.
2. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlar nizoni muzokara yoʻli bilan hal etishga erishmasalar, ular mazkur nizoni hal etishni koʻrib chiqish uchun maʼlum bir shaxs yoki tashkilotga berishi mumkin; agar ular bu yoʻl bilan ham kelisha olmasalar, ushbu nizo hal etish uchun bir Ahdlashuvchi Tomonning soʻroviga koʻra Ahdlashuvchi Tomonlar bittadan tayinlagan arbitrlar hamda tayinlangan mazkur ikki arbitr tomonidan tayinlangan uchinchi arbitrdan iborat uch nafar arbitr tarkibidagi tribunalga berilishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomondan diplomatik kanallar orqali arbitraj oʻtkazilishi boʻyicha soʻrovnoma kelib tushgan sanadan boshlab oltmish (60) kun ichida arbitrni tayinlashi lozim, uchinchi arbitr esa keyingi oltmish (60) kun ichida tayinlanadi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri arbitrni koʻrsatilgan muddat ichida tayinlay olmasa yoki uchinchi arbitr nomzodi koʻrsatilgan muddat ichida tasdiqlanmasa, u holda Ahdlashuvchi Tomonlardan biri Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti kengashi Prezidentidan zaruratga qarab arbitr yoki arbitrlarni tayinlashni soʻrashi mumkin. Bunday holatda uchinchi arbitr uchinchi davlat fuqarosi boʻlishi va tribunal prezidenti sifatida faoliyat olib borishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur moddaning 2-bandiga muvofiq qabul qilingan qarorga amal qilish majburiyatini oladilar.
