13-modda. Tariflar
Havo qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 05.10.2009 · Amalda
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari tarafidan undirilayotgan tariflar barcha tegishli omillarni, shu jumladan, ekspluatatsiya xarajatlari, oqilona foyda va boshqa aviakorxonalarning tariflarini inobatga olgan holda, asosli darajada belgilanadi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan tariflar butun yoʻnalish yoki uning bir qismidan parvozlarni amalga oshiradigan boshqa aviakorxonalarning tariflarini inobatga olgan holda har ikki Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari tomonidan kelishib olinishi lozim.
3. Shu tarzda kelishib olingan tariflar ularning joriy qilinishi moʻljallangan sanadan kamida qirq besh (45) kun oldin har ikki Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatlariga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Ayrim hollarda bu muddat yuqorida aytib oʻtilgan maʼmuriyatlar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq qisqartirilishi mumkin.
4. Agar tayinlangan aviakorxonalar mazkur tariflar borasida ushbu moddaning 2-bandi qoidalariga muvofiq kelishuvga erisha olmasalar, bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyati mazkur moddaning 3-bandiga muvofiq unga tasdiqlash uchun taqdim etilgan tariflar borasida oʻzining noroziligi toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyatiga xabar beradi. Bu holda har ikki Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmuriyatlari oʻzaro kelishuv yoʻli bilan tarifni belgilashga harakat qiladilar.
5. Agar aviatsiya maʼmuriyatlari mazkur moddaning 2-bandiga muvofiq ularga taqdim etilgan biron-bir tarifni tasdiqlash borasida yoki mazkur moddaning 3-bandiga muvofiq biron-bir tarifni belgilash boʻyicha kelishuvga erisha olmasalar, ushbu kelishmovchilik mazkur Bitimning 18-moddasidagi shartlarga muvofiq hal etilishi lozim.
