11-modda. Aviatsiya xavfsizligi
Havo qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 05.10.2009 · Amalda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini qonunga xilof aralashuv shakllaridan himoya qilish boʻyicha bir-birlari oldidagi majburiyatlari mazkur Bitimning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar, xususan, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemasi bortida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa baʼzi harakatlar toʻgʻrisida Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemasini noqonuniy egallab olishga qarshi kurashish toʻgʻrisida Konvensiya, 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi noqonuniy harakatlarga qarshi kurashish toʻgʻrisida Konvensiya hamda unga qoʻshimcha sifatida 1988-yil 24-fevralda Monrealda imzolangan Xalqaro fuqaro aviatsiyasiga xizmat koʻrsatayotgan aeroportlarda noqonuniy kuch ishlatish harakatlariga qarshi kurashish toʻgʻrisida Bayonnoma, 1991-yil 1-martda Monrealda imzolangan Plastik bombalarni topish maqsadida markirovka qilish toʻgʻrisida Konvensiya hamda ushbu sohadagi ikkala Ahdlashuvchi Tomon uchun kuchga kirgan koʻp tomonlama bitimlar qoidalariga muvofiq ish olib boradilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar soʻrov asosida havo kemasini noqonuniy egallab olish hamda havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, aeroportlar va aeronavigatsiya vositalariga qarshi boshqa noqonuniy harakatlar, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga har qanday boshqa tahdidlarning oldini olishda bir-birlariga barcha zaruriy koʻmaklarni koʻrsatadilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti tomonidan oʻrnatilgan va 1944-yilning 7-dekabrida imzolash uchun ochiq deb eʼlon qilingan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaga ilova sifatida belgilangan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga muvofiq ish olib boradilar. Ular asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz davlatlari hududlarida joylashgan havo kemalarining ekspluatantlaridan va Xalqaro fuqaro aviatsiyasiga xizmat koʻrsatayotgan aeroportlarning ekspluatantlaridan bunday aviatsiya xavfsizligining talablariga va qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar. Mazkur moddadagi aviatsiya xavfsizligi qoidalariga murojaat qilingan har qanday holat tegishli Ahdlashuvchi Tomon xabar bergan har qanday tafovutni oʻz ichiga oladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon mazkur qoidalarga tegishli boʻlgan barcha tafovutlar toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni avvaldan xabardor etishi lozim.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri bunday havo kemasi ekspluatantlaridan boshqa Ahdlashuvchi Tomon mazkur Bitimning 4-moddasi qoidalariga muvofiq ushbu Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududiga kirish, chiqish va mazkur hududda boʻlish davrida talab qiladigan ushbu moddaning 3-bandida qayd etilgan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya etishni talab qilishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini, qoʻl yuki, bagaj, yuk, havo kemasi zaxiralari va pochtani parvozga xizmat koʻrsatish vaqtida tekshirish uchun oʻz davlatining hududida samarali chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, oqilona meʼyorda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham hayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
