3-modda. Asosiy tushunchalar
“Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-614-son) · Sana: 07.04.2020 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
metrologiyaga oid faoliyat — oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlash, oʻlchash uslublari va vositalari, shuningdek talab qilinadigan aniqlikka erishish usullari bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat;
metrologik kuzatiluvchanlik — oʻlchash natijasining hujjatlashtirilgan uzluksiz kalibrlashlar ketma-ketligi orqali etalonga bogʻlash mumkin boʻlgan xossasi;
metrologik ekspertiza — oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishi bilan bogʻliq metrologik talablar, qoidalar va normalarni qoʻllash toʻgʻriligi hamda toʻliqligini baholash va tahlil qilish boʻyicha tashkiliy-huquqiy ishlar majmui;
sinov vositasi — sinovlar oʻtkazish uchun moʻljallangan, normalangan texnik tavsiflari boʻlgan texnik qurilma, modda va (yoki) material;
standart namuna — metrologik attestatsiya natijasida modda (material)ning xossasi yoki tarkibini tavsiflaydigan bitta yoki undan ortiq qiymatlari aniqlangan shu modda (material) namunasi shaklidagi oʻlchash vositasi;
etalon — muayyan kattalik birligining oʻlchamini boshqa oʻlchash vositalariga oʻtkazish maqsadida uni qayta hosil qilish va saqlash uchun moʻljallangan oʻlchash vositasi;
oʻlchashlar aniqligining koʻrsatkichi — oʻlchash uslubiyotining qoʻllanilayotgan normalari va qoidalariga rioya etilganda olingan oʻlchash natijalari aniqligining belgilangan tavsifi;
oʻlchashlarni bajarish uslubiyoti — oʻlchashlarning bajarilishini va ularning natijalari belgilangan aniqlik koʻrsatkichlari bilan olinishini taʼminlaydigan operatsiyalar va qoidalar majmui;
oʻlchash vositasi — oʻlchashlar uchun foydalaniladigan va normalangan metrologik xususiyatlarga ega boʻlgan texnika vositasi;
oʻlchash vositalarini kalibrlash — berilgan sharoitlarda oʻlchash vositasi yordamida olingan kattalik qiymati va etalon bilan qayta tiklanadigan tegishli kattalik qiymati oʻrtasidagi nisbatni aniqlash orqali oʻlchash vositasining metrologik tavsiflarini aniqlash maqsadida bajariladigan operatsiyalar majmui;
oʻlchash vositalarini qiyoslash — oʻlchash vositalarining belgilab qoʻyilgan metrologik talablarga muvofiqligini aniqlash va tasdiqlash maqsadida bajariladigan operatsiyalar majmui;
oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishi — oʻlchashlarning natijalari qonuniylashtirilgan birliklarda ifodalangan va oʻlchashlarning aniqlik koʻrsatkichlari maʼlum ehtimollik bilan belgilangan chegaralarda joylashgan holati.
