25-modda. Oʻlchash vositalarini qiyoslash
“Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-614-son) · Sana: 07.04.2020 · Amalda
Oʻlchash vositalarini qiyoslash akkreditatsiya qilingan Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlarining metrologiya xizmatlari, shuningdek ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻlchash vositalarini qiyoslaganda oʻlchash vositalarining belgilab qoʻyilgan metrologik talablarga ularning muvofiqligini aniqlash va tasdiqlash bajariladigan operatsiyalar ketma-ketligini belgilovchi oʻlchash vositalarini qiyoslash uslubiyoti asosida amalga oshiriladi.
Qiyoslashdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan oʻlchash vositalari turkumlarining roʻyxati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻlchash natijalari davlat ahamiyatiga ega boʻlgan oʻlchash vositalari turkumlarining roʻyxati maxsus vakolatli davlat organining Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va ushbu oʻlchash vositalari qoʻllaniladigan sohadagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻlchash natijalari davlat ahamiyatiga ega boʻlgan oʻlchash vositalari turkumlarining roʻyxatiga kiritilmagan oʻlchash vositalarini qiyoslash yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
