24-modda. Oʻlchash vositalarining turlarini tasdiqlash
“Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-614-son) · Sana: 07.04.2020 · Amalda
Oʻlchash vositalarining turlarini tasdiqlash oʻz ichiga davlat sinovlarini oʻtkazish orqali oʻlchash vositalarining metrologik va texnik tavsiflarini aniqlash, oʻlchash vositalarining metrologiya toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiqligini belgilash hamda oʻlchash vositalarining turini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish boʻyicha ishlarni oladi.
Oʻlchash vositalarini metrologik attestatsiyadan oʻtkazish yagona nusxalarda ishlab chiqariladigan (yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import boʻyicha yagona nusxalarda olib kiriladigan) oʻlchash vositalarining xossalarini tadqiq etish asosida ular qoʻllash uchun yoʻl qoʻyilishini eʼtirof etish maqsadida davlat metrologiya xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu Qonunning 20-moddasida koʻrsatilgan sohalarda foydalaniladigan, ishlab chiqarilishi va import boʻyicha olib kirilishi lozim boʻlgan oʻlchash vositalari davlat sinovlaridan va turini tasdiqlashdan yoki metrologik attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak.
Oʻlchash vositalarining davlat sinovlarini oʻtkazish, turini tasdiqlash va Davlat reyestriga kiritish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Tasdiqlangan oʻlchash vositalariga yoki ularning foydalanish hujjatlariga ishlab chiqaruvchi Davlat reyestri belgisini qoʻyishi shart.
