16-modda. Oʻlchash vositalari va sinov vositalari
“Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-614-son) · Sana: 07.04.2020 · Amalda
Foydalanishda boʻlgan oʻlchash vositalari va sinov vositalari oʻlchash natijalarining belgilangan aniqlikdagi qonuniylashtirilgan birliklarda boʻlishini taʼminlashi va qoʻllash shartlariga mos kelishi kerak.
Oʻlchash natijalarining buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ruxsat etilmagan sozlash va aralashuvlarning oldini olish maqsadida oʻlchash vositalarining konstruksiyasi oʻlchash vositalarining funksional qismlariga (shu jumladan dasturiy taʼminotga) kirish cheklanishini taʼminlashi kerak.
Quyidagilar texnik vositalar, qurilmalar, moddalar va (yoki) materiallarning oʻlchash vositalari va (yoki) sinov vositalari jumlasiga kiritish mezonlari hisoblanadi:
qiymatlari maʼlum vaqt davomida oʻzgarmas deb qabul qilinadigan normalangan metrologik xususiyatlarga va texnik tavsiflarga ega boʻlishi;
oʻlchash natijalarining belgilangan aniqlikda qonuniylashtirilgan birliklarda boʻlishini taʼminlash qobiliyati, shuningdek sinov natijalarining ishonchliligi;
mexanik, elektrik, optik, fizik-kimyoviy, elektron prinsiplarda ishlashi.
Quyidagi hollarda texnik vositalar oʻlchash vositalari va (yoki) sinov vositalari hisoblanmaydi:
indikator funksiyasiga ega boʻlganda;
natijalari oʻlchash va (yoki) sinov hisoblanmaydigan, faqat dastlabki baholash uchun foydalanilganda;
faqat oʻlchash va (yoki) sinov natijalari haqida axborot uzatish funksiyalarini bajarganda.
