7-modda. Maxsus iqtisodiy zona hududida joylashgan davlat mulki obyektlarini boshqarish
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus iqtisodiy zonalar boʻsh turgan va faoliyat koʻrsatmayotgan davlat mulki obyektlari, maʼmuriy-hududiy tuzilmalar hududlari negizida, shuningdek qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarda tashkil etiladi.
Maxsus iqtisodiy zona hududida joylashgan davlat mulki obyektlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻz vakolati doirasidagi qaroriga koʻra maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga davlat aktivlarini boshqarish boʻyicha vakolatli organ bilan kelishgan holda operativ boshqaruvga berilishi mumkin, bundan xususiylashtirilmaydigan strategik davlat mulki obyektlari mustasno. Davlat mulki obyektlari maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga maxsus iqtisodiy zona faoliyat koʻrsatadigan butun davr uchun operativ boshqaruvga beriladi.
Maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi maxsus iqtisodiy zona hududida joylashgan, boʻsh turgan va faoliyat koʻrsatmayotgan davlat mulki obyektlarini investitsiya majburiyatlarini qabul qilgan holda, maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga elektron onlayn-auksion savdolarida realizatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar alohida hollarda, faqat qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va dorivor oʻsimliklar yetishtirish uchun farmatsevtika hamda agrar yoʻnalishdagi maxsus iqtisodiy zonalar uchun berilishi mumkin. Boshqacha faoliyat va tarmoq ixtisoslashuviga ega boʻlgan maxsus iqtisodiy zonalarga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar ularning yer fondi toifasi Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksida belgilangan tartibda oʻzgartirilganidan keyin berilishi mumkin.
Maxsus iqtisodiy zonalar hududidagi yer uchastkalari maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi tomonidan beriladi va uning tasarrufida turadi, bundan maxsus sanoat zonalarining hududlari mustasno.
Maxsus iqtisodiy zona bosh rejasiga muvofiq infratuzilma bilan taʼminlanganidan va davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinganidan keyin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlangan investitsiya buyurtmanomasida koʻrsatilgan oʻlchamdagi yer uchastkasi elektron onlayn-auksion oʻtkazishni boshqa tashkilotlar bilan kelishib olish zaruratisiz maxsus iqtisodiy zona direksiyasining qarori bilan elektron onlayn-auksionga qoʻyiladi. Mazkur tartib maxsus sanoat zonalari hududidagi yer uchastkasini berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
