5-modda. Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi:
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatish samaradorligini baholash uslubiyotini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
investitsiya loyihalarini amalga oshirishning har bir bosqichida investorlarning, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining hamda tegishli vazirliklar va idoralarning oʻzaro hamkorligini tashkil etadi;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan, shu jumladan mavjud byurokratik toʻsiqlarni olib tashlash boʻyicha tashkiliy masalalarni hal etishga doir ishlarni tashkil etadi;
maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarining roʻyobga chiqarilish jarayoni monitoringini amalga oshiradi;
maxsus iqtisodiy zonalar direksiyasining va ishtirokchilarining faoliyati samaradorligini baholashdan oʻtkazadi;
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini tashkil etadi;
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish, shuningdek maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalarining faoliyatini rivojlantirish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
