39-modda. Soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari soliq boʻyicha imtiyozlardan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida nazarda tutilgan tartibda foydalanadi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari quyidagilarni toʻlashdan ozod etiladi:
respublikada ishlab chiqarilmaydigan va investitsiya bitimiga muvofiq investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun qurilish davrida belgilangan tartibda olib kirilgan qurilish materiallari uchun bojxona toʻlovlarini (bundan qoʻshimcha qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar mustasno);
tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha texnologik uskunalarning oʻxshashi Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydiganini olib kirishda bojxona toʻlovlarini (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar mustasno).
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqarish va mahsulotlarni eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan xom ashyo, materiallar va butlovchi qismlar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda bojxona toʻlovlari (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar mustasno) toʻlanmaydi.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari tovarlarni import qilganda qoʻshilgan qiymat soligʻini 120 kungacha muddatga kechiktirib toʻlashi mumkin.
Hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining oshib ketishi natijasida hosil boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining oʻrni maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisiga yetti kun davomida soddalashtirilgan tartibda qoplab beriladi.
Toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda qoplab beriladi.
