34-modda. Investitsiya bitimini tuzish
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi investitsiya loyihasida bayon etilgan shartlar, muddatlar va tartib-taomillarga muvofiq investitsiya bitimini tuzadi. Yer uchastkasini ijaraga olish shartlari investitsiya bitimida nazarda tutiladi.
Investitsiya bitimi investor tomonidan maxsus iqtisodiy zona direksiyasi qarori (undan koʻchirma) olinganidan (boʻsh turgan (foydalanilmayotgan) bino ijaraga berilgan taqdirda yoki yer uchastkasi investorga tegishli boʻlgan taqdirda) yoxud yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha elektron onlayn-auksion gʻolibi aniqlanganidan keyin investor va maxsus iqtisodiy zona direksiyasi direktori tomonidan uch ish kuni ichida imzolanishi kerak.
Investitsiya bitimi investor tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxs maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini olgan sanadan eʼtiboran kuchga kiradi.
