33-modda. Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining arizasiga asosan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini bekor qilish tartibi
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi tomonidan maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga beriladi.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi tomonidan oʻn kun ichida, maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga moddiy yoki moliyaviy zarar yetkazish belgilari boʻlgan hollarda esa oʻttiz kun ichida koʻrib chiqiladi.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasining qarorida maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi tomonidan yetkazilgan moddiy yoki moliyaviy zararning oʻrnini qoplash, shu jumladan maxsus iqtisodiy zona direksiyasining sudga murojaat qilishi orqali qoplash boʻyicha chora-tadbirlar nazarda tutilishi mumkin.
Yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yoʻqotishi maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga moddiy yoki moliyaviy zarar yetkazmagan taqdirda uning maxsus iqtisodiy zona hududidagi faoliyati tugatilishiga, shuningdek yuridik shaxsga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan mulk huquqlarining tugatilishiga olib kelmaydi. Bunda ushbu yuridik shaxs maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari uchun berilgan maxsus huquqiy rejimdan foydalanish huquqini yoʻqotadi.
Ushbu tartib tadbirkorlik subyektini maxsus sanoat zonalarining ishtirokchisi maqomidan mahrum qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
