25-modda. Maxsus sanoat zonasini boshqarish
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus sanoat zonasini boshqarish maxsus iqtisodiy zona direksiyasining ushbu Qonunda nazarda tutilgan vakolatlari berilgan maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya tomonidan amalga oshiriladi.
Maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya aksiyadorlik jamiyati yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladigan, shu jumladan chet el investorlari ishtirokida tashkil etiladigan yuridik shaxsdir.
Maxsus sanoat zonasini boshqarishning asosiy shartlari quyidagilardan iborat:
investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionlar vositasida ijaraga berish;
obyektlarni qurishda xalqaro standartlar va talablarni qoʻllash;
muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini va ijtimoiy infratuzilmani mustaqil ravishda shakllantirish;
koʻrsatilgan kommunal xizmatlar, aloqa xizmatlari va yetkazib berilgan energiya resurslari uchun hisobga olishni va oʻzaro hisob-kitoblarni maxsus sanoat zonasi ishtirokchilari tomonidan maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya bilan tuzilgan yagona shartnoma asosida amalga oshirish;
“yagona darcha” prinsipi boʻyicha litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni, shu jumladan maxsus sanoat zonasining bosh rejasiga muvofiq binolar va inshootlarni loyihalashtirish, qurish, ishga tushirish, ulardan foydalanish hamda yer uchastkalaridan foydalanish uchun berishni tashkillashtirish.
Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi hamda uning butun faoliyati va operatsiyalarini oʻrganish, shuningdek tegishli qarorlar qabul qilish huquqiga ega.
Maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniyaning moliyaviy hisoboti va u bilan bogʻliq boʻlgan moliyaviy axborot har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilishi lozim. Auditorlik hisobotlari va auditorlik xulosalari majburiy tartibda maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat koʻrsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
