17-modda. Maxsus ilmiy-texnologik zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir alohida talablar
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Maxsus ilmiy-texnologik zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi kerak:
roʻyxatdan oʻtgan patent huquqlarining mavjudligi;
ilmiy-texnik yangilik va ishlab chiqariladigan mahsulotning koʻp ilmiy izlanishni talab qilishi (tovarlarning xususiyatiga koʻra mutlaqo yangi yoki ilgari ishlab chiqarilgan oʻxshash tovarning xususiyatlaridan jiddiy farq qilsa yoki tovarning isteʼmol xossalariga koʻra mavjud boʻlgan shunday tovarlarga nisbatan yaxshilangan boʻlsa yoki bevosita oʻxshashlari mavjud boʻlmagan taqdirda, sifat jihatidan yangicha isteʼmol (funksional) xususiyatlariga ega boʻlsa, shu jumladan tovarning raqobatbardoshligini oshiradigan yoxud tovarni qoʻllashning bunday tovardan foydalanish sohasini kengaytirish imkonini beradigan yangi usuli aniqlangan boʻlsa).
Tegishli vakolatli organlarning roʻyxatdan oʻtgan patent huquqlari mavjudligi va ilmiy-texnik yangilikning mavjudligi hamda yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilishi toʻgʻrisidagi xulosalari erkin iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan mustaqil ravishda soʻrab olinadi.
