16-modda. Erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir alohida talablar
Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida (O‘RQ-604-son) · Sana: 17.02.2020 · Amalda
Investitsiya buyurtmanomasi topshirilgan paytda erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yoki Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarish hajmlari ichki bozorning ehtiyojlarini qoplamaydigan yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni nazarda tutgan boʻlishi kerak.
Erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasi kodi boʻyicha yakuniy mahsulot tovar pozitsiyasining dastlabki toʻrtta belgilaridan birining darajasida boshlangʻich xom ashyoga nisbatan oʻzgarishini yoki qoʻshilgan qiymatga ega mahsulot hajmining kamida oʻttiz foiz darajasida koʻpayishini nazarda tutishi kerak.
Erkin iqtisodiy zonalarda raqobat muhiti yaratilgan, ichki bozor toʻyingan yoki ishlab chiqarish hajmlari ichki bozor ehtiyojlarini qoplaydigan oʻxshash mahsulot ishlab chiqaradigan mahalliy ishlab chiqaruvchilar mavjud boʻlgan mahsulot turlarini ishlab chiqarishga doir investitsiya loyihalari amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tegishli vakolatli organlarning Oʻzbekiston Respublikasida oʻxshash mahsulot ishlab chiqaruvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilar mavjud emasligi, ishlab chiqarish hajmlari yetishmasligi va raqobat muhiti darajasi toʻgʻrisidagi xulosalari erkin iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan mustaqil ravishda soʻrab olinadi.
Ushbu talablar toʻliq eksportga yoʻnaltirilgan investitsiya loyihalari uchun tatbiq etilmaydi.
