6-modda. Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-598-son) · Sana: 25.12.2019 · Amalda
Investitsiyalarni amalga oshirish shakllari quyidagilardan iborat:
yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli tarzda, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar (ulushlar) sotib olish yoʻli bilan ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qogʻozlarni, jumladan qarz majburiyatlarini olish;
konsessiyalarni olish, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, oʻzlashtirish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga doir konsessiyalarni olish, shuningdek mahsulot taqsimotiga oid bitimlarda ishtirok etish;
mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mulk huquqini, mualliflik huquqlarini, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xau, ishchanlik obroʻsini (gudvillni) olish;
yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni, boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini olish.
Investorlar qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa shakllarda ham investitsiyalarni amalga oshirishi mumkin.
Investitsiya faoliyati investitsiyalar kiritishning turli shakllarini birlashtirish vositasida amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiyalarning birlamchi yoki takroran kiritiladigan shakllari oʻzgartirilishi ularning investitsiya sifatidagi darajasi oʻzgarishiga olib kelmaydi.
