10-modda. Investorning huquqlari
Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-598-son) · Sana: 25.12.2019 · Amalda
Investor:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlmagan investitsiya faoliyatini erkin amalga oshirishga, investitsiya qilishni amalga oshirish hajmlarini, turlarini, shakllarini, sohasini va yoʻnalishlarini mustaqil ravishda belgilashga;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzishga;
oʻz investitsiyalariga va investitsiya faoliyati natijalariga egalik qilishga, ulardan foydalanishga hamda ularni tasarruf etishga, shuningdek investitsiya faoliyati natijalarini sotishga va olib chiqishga;
investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlarni soliqlar, yigʻimlar va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar (bundan buyon matnda soliqlar va toʻlovlar deb yuritiladi) toʻlanganidan soʻng mustaqil va erkin tarzda tasarruf etishga;
oʻzi qabul qilgan barcha turdagi majburiyatlarning, shu jumladan qarz mablagʻlarini jalb etishga qaratilgan majburiyatlarning taʼminoti sifatida oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan mol-mulk va har qanday mulkiy huquqlardan foydalanishga;
oʻz investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilingan taqdirda munosib kompensatsiya olishga;
kreditlar va qarzlar tarzidagi pul mablagʻlarini jalb etishga;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari natijasida yetkazilgan zararlar uchun tovon olishga haqli.
