17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlari xodimlarining huquqlari
Urugʻchilik toʻgʻrisida (267-I-son) · Sana: 29.08.1996 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
sifat koʻrsatkichlarining toʻgʻriligini va davlat standartlariga muvofiqligini tekshirish maqsadida zarur tahlillar oʻtkazish uchun urugʻliklarning namunalarini tanlab olish;
urugʻliklarning himoya qilinadigan navlaridan gʻayriqonuniy ravishda foydalanilishini taqiqlash;
har qanday urugʻlik yetishtiruvchining, urugʻlik yetkazib beruvchining va savdo tashkilotining hududiga kirish;
urugʻchilik dalalariga hamda urugʻliklarning turkumlariga doir zarur axborot, hujjatlar va namunalarni olish;
qonun hujjatlarini buzgan holda urugʻlikni yetishtirish, saqlash va sotish hollarini toʻxtatib qoʻyish yoki taqiqlash;
muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya yoki karantin sertifikati mavjud boʻlmasa, urugʻliklar turkumlarining tashilishini taqiqlab qoʻyish;
muvofiqlik sertifikati, fitosanitariya yoki karantin ruxsatnomasi boʻlmagan urugʻliklarni boshqa davlatlardan respublikaga olib kirishga yoʻl qoʻymaslik;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining navini yangilash va navlarni joylashtirish tartibini buzganlik uchun xoʻjaliklarning rahbarlariga va boshqa masʼul shaxslarga nisbatan choralar koʻrish.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
