16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining urugʻchilik sohasidagi vakolatlari
Urugʻchilik toʻgʻrisida (267-I-son) · Sana: 29.08.1996 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi:
asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlari (paxta va gʻalla) uchun ajratilgan ekin maydonlarini muntazam nazorat qiladi, ekin maydonlarining ishlab chiqaruvchilar — fermer xoʻjaliklari va boshqa xoʻjaliklar, tumanlar va viloyatlar tomonidan qabul qilingan hamda tasdiqlangan shartnoma majburiyatlariga muvofiqligi boʻyicha tanlab tekshirishlarni amalga oshiradi;
paxta va don ekinlarining urugʻliklari sifati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va ushbu ekinlar urugʻliklarining sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini joylashtirish, rayonlashtirish va navli urugʻliklar tayyorlash rejalarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yuqori sifatli elita urugʻliklarni, birinchi va keyingi reproduksiyalardan hosil qilingan urugʻliklarni yetishtirish, urugʻliklarni davlat standartiga, mavjud yoʻriqnomalar va qoidalarga rioya etilgan holda tejab sarflash ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari aprobatsiyasi toʻgʻri oʻtkazilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urugʻchiligini tashkil etish hamda rivojlantirish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tarmoq korxonalari tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini tayyorlash, qayta ishlash va saqlash boʻyicha normativ talablarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ishlab chiqarishda kimyoviy preparatlarning samarali qoʻllanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
sertifikatlashtirilmagan va davlat standartiga javob bermaydigan urugʻliklarning tarqatilishini taqiqlaydi;
ekinlar boʻyicha urugʻlar arxivining tarkibi va urugʻlar arxivlarining yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
