20-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining hamda tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish
2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida (O‘RQ-589-son) · Sana: 09.12.2019 · Amalda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari, Toshkent shahri shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining takliflariga asosan birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirish maqsadida qabul qilinadi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklari tumanlar va shaharlar budjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari favqulodda vaziyatlarda va shunga oʻxshash kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi talab etiladigan hollarda ishlatilgan mablagʻlar toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga hisobot berish sharti bilan qoʻshimcha manbalarni yoʻnaltirish boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
