3-modda. Asosiy tushunchalar
Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-585-son) · Sana: 02.12.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
volontyor — volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs;
volontyorlar guruhi — ushbu Qonunda belgilangan normalar tatbiq etiladigan, volontyorlik faoliyatini birgalikda amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan, oʻn nafargacha kishidan iborat boʻlgan shaxslarning ixtiyoriy guruhi;
volontyorlarni muvofiqlashtiruvchi — volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi, volontyorlik tashkiloti tomonidan tayinlangan yoki volontyorlar ishini tashkil etish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun javobgar boʻlgan volontyorlar guruhi tarkibiga kiruvchi volontyorlar tomonidan saylangan jismoniy shaxs;
volontyorlik — fuqarolar, ularning guruhlari yoki volontyorlik tashkilotlari tomonidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab ixtiyoriy faoliyatni amalga oshirish;
volontyorlik aksiyasi — volontyorlik tashkiloti, volontyorlar yoki volontyorlar guruhi tomonidan bajariladigan, ijtimoiy jihatdan aniq yoʻnaltirilgan, jamoat uchun foydali vazifalarni hal etishga qaratilgan bir martalik tadbir;
volontyorlik tashkiloti — qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan va volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkiloti;
volontyorlik faoliyati — jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bepul asosda amalga oshiriladigan, erkin xohish-irodaga koʻra bajariladigan, ijtimoiy jihatdan yoʻnaltirilgan, jamoat uchun foydali boʻlgan ixtiyoriy faoliyat;
volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi — davlat hokimiyati organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, shuningdek volontyorlarni mustaqil ravishda yoki volontyorlik tashkilotlari orqali jalb qiluvchi jismoniy shaxslar.
