15-modda. Volontyorlik faoliyati tashkilotchisining vakolatlari
Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-585-son) · Sana: 02.12.2019 · Amalda
Volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi:
volontyorlik dasturlari amalga oshirilishini va volontyorlik aksiyalari oʻtkazilishini tashkil etadi;
volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga va ragʻbatlantirishga oid davlat dasturlarining amalga oshirilishida ishtirok etadi;
volontyorlik tashkilotiga va volontyorga rejalashtirilayotgan hamda amalga oshirilayotgan volontyorlik dasturlari va volontyorlik aksiyalari, ular ishtirokchilarining soni, aksiyalar oʻtkaziladigan joy hamda vaqt, ularni oʻtkazishga doir talablar toʻgʻrisida axborot taqdim etadi, shu jumladan oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtirish orqali axborot taqdim etadi;
volontyorlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida volontyorning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsiz shart-sharoitlar yaratadi;
volontyorlik tashkilotiga va volontyorga tavsiya tusidagi xatlar taqdim etadi;
volontyorga maxsus kiyim-bosh beradi hamda uning haqiqiy yashash joyidan volontyorlik aksiyasi oʻtkazilayotgan joyga kelishi va u joydan qaytishi uchun yoʻl haqi, yashash, ovqatlanish, zarur yakka tartibda himoyalanish vositalarini, uskunalarni sotib olish xarajatlarining va boshqa xarajatlarining oʻrnini qoplaydi;
xavfli, zararli hamda noqulay omillar bilan bogʻliq ishlarni bajarishga jalb qilingan volontyorlarning hayoti va sogʻligʻini majburiy tartibda sugʻurta qilishni amalga oshiradi.
