12-modda. Markaziy bankning vazifalari
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank:
pul-kredit siyosatini, shu jumladan valyuta siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasida inflyatsiya darajasini monitoring, tahlil va prognoz qiladi, tegishli axborot materiallarini hamda statistik maʼlumotlarni eʼlon qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini, xalqaro investitsiyaviy mavqeyini, tashqi qarzini va zaxira aktivlarini oʻz ichiga olgan bank, pul-kredit statistikasini, tashqi sektor statistikasini shakllantirishni hamda eʼlon qilishni amalga oshiradi;
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga Davlat budjeti loyihasini tayyorlashga doir tavsiyalarni oʻz ichiga olgan iqtisodiy va moliyaviy masalalar boʻyicha axborotni taqdim etadi;
naqd pul muomalasini tashkil etadi;
valyutani tartibga solishni va valyutani nazorat qilishni amalga oshiradi;
valyuta operatsiyalari boʻyicha buxgalteriya hisobi, statistik hisobotlar va boshqa hisobotlar maqsadlari uchun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida bojxona hamda boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish uchun valyuta kursini muntazam ravishda belgilab boradi;
banklarni va kredit byurolarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradi;
banklarning, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalari va kredit byurolarining faoliyatini litsenziyalaydi, banklarning, shuningdek nobank kredit tashkilotlarining, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, Milliy kliring markazining, kredit byurolarining va banklar guruhlarining faoliyatini tartibga soladi hamda ushbu faoliyat ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining qimmatli qogʻozlarga doir bitimlarning natijalari boʻyicha pul mablagʻlari hisob-kitoblariga oid faoliyatini tartibga soladi va nazorat qiladi;
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni beradi;
xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni (harakatlarni) boshlaganlik va tugatganlik toʻgʻrisidagi xabarnomalarni qabul qiladi, xabardor qilish tartibida faoliyatni (harakatlarni) amalga oshiruvchi xabardor qiluvchilar ustidan nazoratni amalga oshiradi, faoliyatni (harakatlarni) toʻxtatib turish, qayta tiklash va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
