9-modda. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Davlat joylar mulkdorlarining, boshqaruvchi tashkilotlar va boshqaruvchilarning, shirkatlarning huquqlari taʼminlanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi, ularni rivojlantirishga va mustahkamlashga koʻmaklashadi.
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
uy-joy-kommunal sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan standartlarni takomillashtirish;
koʻp kvartirali uylarda avariya vaziyatlarini bartaraf etishda koʻmaklashish;
kommunal xizmatlar haqini toʻlash tizimini takomillashtirish;
uy-joy-kommunal sohasida xizmatlar koʻrsatishda raqobatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar, shuningdek imtiyozli kreditlar berish;
kam taʼminlangan oilalarga koʻp kvartirali uylarni saqlash boʻyicha yordam koʻrsatish;
koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi asosida berish;
koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida kadrlar tayyorlashni va ularni qayta tayyorlashni amalga oshirish;
koʻp kvartirali uylardan foydalanishning samarali tizimini yaratish boʻyicha alohida dasturlar qabul qilish va boshqa choralar koʻrish.
