10-modda. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiriladi:
koʻp kvartirali uylardan va koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalaridan foydalanish hamda ularni saqlash boʻyicha tizimli ishlarni samarali tashkil etish;
koʻp kvartirali uylarning texnik holati monitoringini oʻtkazish boʻyicha ishlarni tashkil etish;
koʻp kvartirali uylarni saqlash, ulardan foydalanish talablariga va foydalanish xarajatlarini aniqlash talablariga, koʻp kvartirali uylardan texnik jihatdan foydalanish qoidalari va normalariga, koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini sanitariya normalariga, qoidalariga hamda gigiyena normativlariga muvofiq saqlash talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
koʻp kvartirali uylarni mavsumiy foydalanishga oʻz vaqtida va sifatli tayyorlash;
novatorlik faoliyatini va zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashish;
koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining hisobini va ularning faoliyati boʻyicha hisobotlarni yuritish uchun axborot tizimlari hamda axborot resurslarini joriy etish;
koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bogʻliq faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirish va yangilab turish;
koʻp kvartirali uylarni boshqarish boʻyicha axborot va maslahat yordami koʻrsatish;
koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining faoliyatini huquqiy hamda uslubiy jihatdan taʼminlash;
koʻp kvartirali uylarni boshqarish boʻyicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini inobatga olgan holda koʻp kvartirali uylarni boshqarishning zamonaviy shakllari va usullarini ishlab chiqish hamda joriy etish;
koʻp kvartirali uylarni boshqarish boʻyicha mutaxassislar malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;
boshqaruvchi tashkilotlarning mansabdor shaxslarini va boshqaruvchilarni, shirkatlar boshqaruvi raislarini attestatsiyadan oʻtkazish hamda ularga koʻp kvartirali uylarni boshqarish uchun malaka sertifikatini berish.
