44-modda. Shirkat boshqaruvi
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Shirkat boshqaruvi shirkatning joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi.
Shirkat boshqaruvi shirkat aʼzolari orasidan shirkat ustavida belgilangan tarkibda va muddatga umumiy yigʻilish tomonidan saylanadi.
Agar koʻp kvartirali uydagi barcha joylarning 30 foizdan ortiq maydoni bir shaxsning mulki boʻlsa, mazkur shaxs oʻz roziligi bilan shirkat boshqaruvi tarkibiga kiritiladi.
Shirkat boshqaruvi shirkat boshqaruvining raisi tomonidan ustavda belgilangan muddatlarda, ammo bir oyda kamida bir marta chaqiriladi.
Shirkat boshqaruvining majlisi unda boshqaruv aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli deb topiladi.
Shirkat boshqaruvining har bir aʼzosi boshqaruv majlisida bir ovozga ega.
Shirkat boshqaruvining qarorlari boshqaruv aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Shirkat boshqaruvining majlislari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Shirkat aʼzolari shirkat boshqaruvi majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.
