43-modda. Shirkatdagi har bir uyning joylari mulkdorlarining yigʻilishi
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Bittadan koʻp boʻlgan uyning joylari mulkdorlarini birlashtiradigan shirkatlarda shirkat aʼzolarining har yilgi umumiy yigʻilishi oʻtkazilguniga qadar shirkatdagi har bir uyning joylari mulkdorlarining qaror qabul qilish uchun yigʻilishlari albatta oʻtkazilib, ularda mazkur uydagi barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizdan koʻpi hozir boʻlishi kerak.
Shirkatdagi har bir koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlarining qarorlari yigʻilishni chaqirish orqali, soʻrovnoma oʻtkazish yoʻli bilan yoki shirkat ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda qabul qilinishi mumkin.
Shirkatdagi har bir uyning joylari mulkdorlarining yigʻilishi quyidagilarni tasdiqlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi:
mazkur koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini va shirkat mol-mulkini saqlashga doir shirkat ishlar rejasining bir qismi sifatida umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha ishlar rejasini;
shirkatning daromadlari va xarajatlari smetasining bir qismi sifatida ushbu koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash uchun daromadlar va xarajatlar smetasini;
umumiy mol-mulkni saqlashga doir tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq ushbu uyning joylari mulkdorlarining majburiy badallari miqdorlarini;
oʻtgan yil uchun ishlar rejalarining, umumiy mol-mulkni saqlashga doir daromadlar va xarajatlar smetasining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni.
Joylar mulkdorlarining yigʻilishi joylar mulkdorlarining mablagʻlarini shirkatdagi boshqa uyning ehtiyojlari uchun ishlatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Har bir koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlari yigʻilishining qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlari orasidan saylangan yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
Joylar mulkdorlarining yigʻilishi tomonidan qabul qilingan qaror ushbu koʻp kvartirali uyning barcha joylari mulkdorlari uchun majburiydir.
