21-modda. Umumiy yigʻilishning vakolatlari
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Umumiy yigʻilish:
koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini belgilaydi;
umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash uchun tanlov asosida yuridik hamda jismoniy shaxslar bilan shartnoma tuzish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
tijorat banklarining kreditlarini olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
koʻp kvartirali uylarning boshqarish organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
koʻp kvartirali uylarning boshqarish organlari tomonidan hisobot berish tartibini belgilaydi.
Umumiy yigʻilishda qaror qabul qilinishi uchun barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻprogʻi hozir boʻlishi kerak. Umumiy yigʻilishning qarori, agar uni yoqlab joylar mulkdorlarining yoki ularning umumiy yigʻilishda hozir boʻlgan vakillarining ellik foizidan koʻprogʻi ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi.
Umumiy yigʻilish qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma joylarning mulkdorlari orasidan saylanadigan yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Bayonnomaga yigʻilishda ishtirok etgan shaxslarning roʻyxati har bir muhokama etilayotgan masala boʻyicha ularning xohish-irodasi aks ettirilgan, ularning imzolari bilan tasdiqlangan holda ilova qilinadi.
Umumiy yigʻilish qarori barcha joylarning mulkdorlari, shu jumladan ovoz berishda ishtirok etmaganlar yoki qarshi ovoz berganlar tomonidan ham bajarilishi majburiydir.
