20-modda. Koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi (bundan buyon matnda umumiy yigʻilish deb yuritiladi) koʻp kvartirali uyning yuqori boshqaruv organidir.
Umumiy yigʻilish ushbu Qonunda belgilangan tartibda yiliga kamida bir marta chaqiriladi.
Har yilgi umumiy yigʻilish kalendar yil tugaganidan keyin oltmish kundan kechiktirmay chaqiriladi.
Navbatdan tashqari umumiy yigʻilish koʻp kvartirali uyni boshqarish organining tashabbusi bilan yoki joylar mulkdorlarining kamida oʻn foizining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish organi tomonidan qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻyilgan hollarda Uy-joy fondi inspeksiyasining mansabdor shaxsi navbatdan tashqari umumiy yigʻilishni chaqirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Joylar mulkdorlarini umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan joy, sana, vaqt va uning kun tartibi toʻgʻrisida xabardor qilish yigʻilish tashabbuskorlari tomonidan umumiy yigʻilish oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin amalga oshiriladi.
Joylar mulkdorlarini umumiy yigʻilishni oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor qilish tegishli eʼlonni uylarning har bir kirish yoʻlagiga osib qoʻyish yoki eʼlonni mulkdorlarga imzo qoʻydirib topshirish orqali amalga oshiriladi.
Joylarning mulkdorlari boʻlgan yuridik shaxslarni xabardor qilish tegishli xabarni buyurtma xat bilan yuridik manzilga yuborish, elektron xabar qilish yoki xabarni vakolatli vakilga imzo qoʻydirib topshirish orqali amalga oshiriladi.
