75-modda. Bankning va banklar guruhining auditorlik tekshiruvini amalga oshiruvchi auditorlik tashkilotiga doir talablar
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank moliyaviy hisobotining va banklar guruhi konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotining auditorlik tekshiruvi shtatida Markaziy bankning banklarda auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish huquqini beruvchi malaka sertifikatiga ega kamida ikki nafar auditori (auditorlik tashkiloti rahbarini hisobga olgan holda) mavjud boʻlgan auditorlik tashkiloti tomonidan oʻtkaziladi.
Auditorlik tashkiloti bankka aloqador shaxs boʻlmasligi va uning oldida pul majburiyatlariga ega boʻlmasligi kerak.
Bank bilan (banklar guruhining asosiy banki bilan) auditorlik tashkiloti oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda auditorlik hisobotining Markaziy bankka topshirilishini cheklovchi qoidalar boʻlmasligi kerak.
Auditorlik tashkiloti:
banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining qoʻpol buzilishiga olib keluvchi;
bank faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan;
moliyaviy hisobotning ishonchliligi va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisida fikr bildirishni auditorlik tashkiloti tomonidan rad etishga yoki fikrlarni qoʻshimcha shart bilan bildirishga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar toʻgʻrisida Markaziy bankni darhol xabardor etishi shart.
Markaziy bankning talabiga koʻra auditorlik tashkiloti auditorlik hisoboti bilan bogʻliq qoʻshimcha tushuntirishlar taqdim etishi kerak.
Banklarda auditorlik tekshiruvini oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari, auditorning malaka sertifikatini berish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
