74-modda. Banklarning va banklar guruhining auditorlik tekshiruvi
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank va banklar guruhi auditorlik tekshiruvining maqsadi bankning va banklar guruhining moliyaviy axboroti hamda boshqa moliyaviy maʼlumotlari toʻgʻriligini va buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka hamda moliyaviy hisobotlarga oid xalqaro standartlarga muvofiqligini auditorlik tashkiloti tomonidan aniqlashdan iborat.
Banklarning yillik moliyaviy hisobotlari va banklar guruhining yillik konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilishi majburiydir. Bankning va banklar guruhining auditorlik tekshiruvi Markaziy bankning talabiga koʻra umuman bankning yoki banklar guruhining faoliyati boʻyicha ham, ular faoliyatining alohida yoʻnalishlari boʻyicha ham oʻtkazilishi mumkin.
Bankning yillik moliyaviy hisoboti, banklar guruhining yillik konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti toʻgʻrisidagi auditorlik xulosasi qonunda nazarda tutilganidan tashqari, auditorlik tashkiloti tomonidan:
bank, banklar guruhi tomonidan hisobot sanasidagi holatga koʻra prudensial normativlarning bajarilishini;
bankning, banklar guruhining ichki nazorati va tavakkalchiliklarini boshqarish tizimlarining tashkil etilishi Markaziy bank tomonidan qoʻyilgan talablarga muvofiqligini tekshirish natijalarini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
Auditorlik tashkilotlari bankning va banklar guruhining faoliyatini tekshirish natijalariga koʻra moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlaydi (yoki tasdiqlamaydi), shuningdek bankning yillik moliyaviy hisobotiga, banklar guruhining konsolidatsiyalashgan yillik moliyaviy hisobotiga ilova qilinadigan auditorlik xulosasini beradi.
Auditorlik xulosasisiz bankning yillik moliyaviy hisoboti, shuningdek banklar guruhining konsolidatsiyalashgan yillik moliyaviy hisoboti Markaziy bank tomonidan qabul qilinmaydi va eʼlon qilinmaydi.
Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan banklarda amalga oshirilayotgan islomiy bank faoliyatining islomiy moliya standartlariga muvofiqligi yuzasidan har yili kamida bir marotaba islomiy moliya boʻyicha tashqi audit tekshiruvi oʻtkazilishi lozim.
