63-modda. Kreditlarning qaytarilishini taʼminlash
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Banklar garov, kafolatlar, kafillik, majburiyatlar asosida va majburiyatlar bajarilishini taʼminlashning qonunda nazarda tutilgan boshqa usullari asosida kreditlar beradi.
Qarz oluvchi tomonidan shartnomaga doir majburiyatlar buzilgan taqdirda, banklar taqdim etilgan kreditlarni va ular boʻyicha hisoblangan foizlarni shartnomada nazarda tutilgan tartibda muddatidan ilgari undirishga, shuningdek undiruvni qonunchilikda belgilangan tartibda garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishga haqli.
Yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi), ushbu Qonun 7-moddasining toʻrtinchi qismida koʻrsatilmagan va uning talablariga muvofiq boʻlmagan aksiyalari hamda ulushlari banklar tomonidan taʼminot sifatida qabul qilinishi mumkin emas.
Banklar taʼminlanmagan kredit (ishonchga asoslangan kredit) berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Banklarga oʻz aksiyalarini garovga qoʻyish evaziga kredit berish taqiqlanadi.
Ushbu moddada belgilangan normalar banklarning kafolatlar berishga oid moliyaviy operatsiyalarni taʼminlashga nisbatan ham tatbiq etiladi.
