59-modda. Juzʼiy qoidabuzarliklar uchun choralar va sanksiyalar
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Juzʼiy qoidabuzarliklarni sodir etganlik uchun Markaziy bank:
banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan holda amalga oshirilgan moliyaviy operatsiyalardan olingan daromadlarning miqdorini aniqlash imkoni boʻlsa, bankdan ushbu daromadlardan yoki bank tomonidan oʻtgan moliya yili davomida olingan sof foydaning bir foizi yoki bank jami kapitalining 0,1 foizi miqdoridan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima undirishga;
ushbu Qonun 51-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan choralarni bankka nisbatan alohida holda yoki jamlangan tarzda qoʻllashga;
bank kuzatuv kengashining, boshqaruvining aʼzosidan yoki muhim ahamiyatga ega xodimidan yoki bankning islomiy moliya kengashi aʼzosidan jarima qoʻllanilayotgan oydan avvalgi bir yil ichida olingan mukofotning ellik foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima undirishga;
qoidabuzarga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida yozma ogohlantirish yuborishga haqli.
