42-modda. Bank va banklar guruhining ichki nazoratiga hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablar
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank va banklar guruhi Markaziy bank tomonidan belgilangan ichki nazoratga hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablarga rioya etishi shart. Markaziy bankning talablari bank amalga oshirayotgan faoliyat turining tizimli ahamiyatini, oʻziga xos xususiyatini, miqyosini va murakkabligini mutanosiblik prinsipini inobatga olgan holda hisobga oladi.
Bank va banklar guruhining ichki nazoratiga hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir Markaziy bank talablari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ichki va tashqi foydalanuvchilar uchun moliyaviy, nazoratga oid hamda boshqa hisobotlarning toʻliqligini, ishonchliligini va oʻz vaqtidaligini, shuningdek axborot xavfsizligini va kiberxavfsizligini taʼminlash;
bank tomonidan prudensial talablar bajarilishini taʼminlash;
bankda bank uchun ahamiyatli boʻlgan tavakkalchiliklarni aniqlash va boshqarish, stress-testdan oʻtkazish boʻyicha tasdiqlangan siyosatining, shuningdek bank uchun ahamiyatli tavakkalchiliklar va kapital boʻyicha hisobot tizimining mavjudligi;
bank uchun ahamiyatli tavakkalchiliklarni boshqarishga va ularning samaradorligini baholashga doir siyosatlarning bank tomonidan izchil amalga oshirilishi hamda ularga rioya etilishi;
bankning ichki hujjatlarida belgilangan tavakkalchiliklarning eng yuqori miqdorlariga va kapitalning monandligiga, tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha bankda qoʻllanilayotgan tartib-taomillarning samaradorligiga hamda ularni qoʻllash izchilligiga bankning rioya etishi ustidan kuzatuv kengashi tomonidan nazoratni amalga oshirish.
