41-modda. Bank xizmatlari va operatsiyalarining autsorsingi
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini bank tomonidan shartnoma asosida va uzluksiz asosda amalga oshirish uchun uchinchi tarafga topshirish bank xizmatlari va operatsiyalarining autsorsingidir (bundan buyon matnda autsorsing deb yuritiladi).
Bank Markaziy bankning ruxsatnomasi olinganidan keyin xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga muvofiq autsorsingga topshirish huquqiga ega.
Litsenziya asosida amalga oshiriladigan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini faqat tegishli litsenziya egasiga autsorsingga topshirishga yoʻl qoʻyiladi.
Bank xizmatlari va operatsiyalarining ayrim turlari oʻziga autsorsingga topshirilgan shaxsning mazkur xizmatlar hamda operatsiyalarni keyinchalik boshqa shaxsga autsorsingga topshirishi taqiqlanadi. Mazkur cheklov bank tomonidan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini autsorsingga topshirish toʻgʻrisidagi shartnomada aks ettirilishi kerak.
Bank autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari bilan bogʻliq tavakkalchiliklarning boshqarilishi uchun javobgar boʻladi.
Xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini autsorsingga topshirishda bank Markaziy bankning talablariga, shu jumladan ichki siyosatlar va hisobotdorlik mavjudligi boʻyicha, shuningdek Markaziy bankka autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari yuzasidan axborot taqdim etish boʻyicha talablariga javob berishi kerak.
Banklar autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari tashqi auditdan oʻtkazilishini har yili yoki Markaziy bankning talabiga binoan taʼminlashi shart.
Markaziy bank quyidagi hollarda autsorsing shartnomasini bekor qilishni talab etishga haqli:
bank tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarning lozim darajadagi hamda muntazam ravishdagi nazorati, tekshiruvi va tavakkalchilik boshqaruvi amalga oshirilmaganda;
autsorsing uchun jalb etilgan shaxs faoliyatida bankning oʻz majburiyatlarini bajarish qobiliyatiga tahdid soluvchi kamchiliklar mavjud boʻlganda.
