39-modda. Foydaning taqsimlanishini cheklash
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank aksiyadorlarga dividendlar toʻlash, shuningdek bankning kuzatuv kengashi, boshqaruvi aʼzolari va xodimlarini, bankning islomiy moliya kengashi aʼzolarini mukofotlash orqali foydani taqsimlashni quyidagi hollarda amalga oshirishga haqli emas:
prudensial normativlar Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga muvofiq boʻlmaganda yoki ular mazkur taqsimlash oqibatida buzilganda;
toʻlovga qobiliyatsiz boʻlganda yoki mazkur taqsimlash oqibatida toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari yuzaga kelganda;
Markaziy bankning ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmasida aks ettirilgan, shu jumladan axborotni oshkor etish borasida koʻrsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganda yoki ularni bartaraf etish imkoniyati mavjud boʻlmaganda;
Markaziy bankning foydani taqsimlamaslik toʻgʻrisida bankka nisbatan talabi mavjud boʻlganda.
Banklar quyidagi hollarda foydani taqsimlash uchun Markaziy bankning roziligini olishi kerak:
ushbu modda birinchi qismining birinchi xatboshisida koʻrsatilgan toʻlovlarning umumiy summasi bankning oʻz kapitalining oʻn foizidan ortganda;
joriy yoki oʻtgan chorakda va (yoki) moliya yilida zarar mavjud boʻlganda.
