38-modda. Banklar va bank guruhlari tomonidan prudensial normativlarga rioya etish
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Banklarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash hamda omonatchilar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida banklar va bank guruhlari hisoblab chiqarish tartibi va yoʻl qoʻyiladigan qiymatlari Markaziy bank tomonidan belgilanadigan prudensial normativlarga rioya etishi shart.
Banklar va bank guruhlari uchun prudensial normativlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi, bundan mikromoliya banklari mustasno:
kapitalning monandlik koeffitsiyentlari;
bir qarz oluvchiga yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir tavakkalchilikning eng koʻp miqdori;
yirik kredit tavakkalchiliklarining va investitsiyalarning eng koʻp miqdori;
sohalar kesimida toʻplanish (konsentratsiya) koeffitsiyentlari;
likvidlik koeffitsiyentlari;
bankning aloqador shaxslari uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdori;
taʼminotsiz kreditlar (ishonchga asoslangan kreditlar) berishning eng koʻp miqdori;
bankning aktivlarini tasniflashga va ularning sifatini baholashga, bank aktivlari boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxiralarni aktivlarni tasniflash asosida shakllantirishga doir talablar;
yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) sotib olinadigan ulushlar va aksiyalarning eng koʻp miqdori;
koʻchmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga doir talablar;
ochiq valyuta mavqeyi limitlari;
umum qabul qilingan xalqaro amaliyotga muvofiq Markaziy bank tomonidan belgilanadigan boshqa prudensial normativlar.
Mikromoliya banklari uchun prudensial normativlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
kapitalning monandligi koeffitsiyentlarini;
bir qarz oluvchi yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir tavakkalchilikning eng koʻp miqdorini;
likvidlilik koeffitsiyentlarini;
mikromoliya bankining aloqador shaxslari uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorini;
umumqabul qilingan xalqaro amaliyotga muvofiq Markaziy bank tomonidan belgilanadigan boshqa prudensial normativlarni.
Mikromoliya bankining ustav kapitali miqdori ushbu Qonun 13-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan bank ustav kapitalining miqdoriga muvofiq boʻlgan hollarda, mazkur mikromoliya banki ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan prudensial normativlarga rioya etishi shart. Bunda bir qarz oluvchiga yoki oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir tavakkalchilikning eng koʻp miqdori ushbu Qonun 7-moddasi uchinchi qismining uchinchi xatboshisida belgilangan miqdordan oshmasligi kerak.
