25-modda. Aksiyadorning muvofiqligi toʻgʻrisidagi talablarga rioya etmaslik
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Markaziy bank hal etuvchi egalikka bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchiga, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllashga quyidagi hollarda haqlidir, agar ular:
banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga mos boʻlmasa;
bankka uning barqaror moliyaviy holatiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan tarzda taʼsir koʻrsatayotgan boʻlsa;
oxirgi benefitsiar mulkdorning shaxsi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etmagan boʻlsa.
Markaziy bank bankning aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olmasdan turib kelishilgan faoliyat natijasida hal qiluvchi egalikka ega boʻlgan aksiyadorlarga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllashga haqli.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan hollarda Markaziy bank quyidagi choralar hamda sanksiyalarni alohida-alohida yoki jamlangan tarzda qoʻllaydi:
ovoz berish, aksiyadorlarning navbatdan tashqari yigʻilishini chaqirish va oʻtkazishni talab qilish, kun tartibiga masalalarni kiritish, bank kuzatuv kengashi va boshqaruvining, bank islomiy moliya kengashining aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish hamda bank foydasining bir qismini dividendlar tarzida olish huquqini toʻxtatib qoʻyadi;
ovoz berish huquqi toʻxtatib qoʻyilgan shaxslar tomonidan bank aksiyalari sotilishi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
bank aksiyalarini olishga doir berilgan dastlabki ruxsatnomani chaqirib oladi.
Hal qiluvchi egalikka ega boʻlgan aksiyadorlar oʻziga tegishli aksiyalarni bankning aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnoma chaqirib olingan kundan eʼtiboran uch oy ichida sotishi kerak.
Ushbu moddaga muvofiq oʻziga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllanilgan shaxslar tegishli bankning, shuningdek boshqa banklarning aksiyalariga bevosita yoki bilvosita egalik qilishga haqli emas.
