17-modda. Chet ellik muassislarga (aksiyadorlarga) nisbatan ular tomonidan bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish chogʻida qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bankni tashkil etishda yoki bankning ustav kapitalida chet el banki ishtirok etganda ushbu Qonunning 16-moddasida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagi hujjatlar qoʻshimcha ravishda taqdim etiladi:
chet el banki vakolatli organining bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish toʻgʻrisidagi qarori;
chet el bankining ustavi;
chet el banki bankni nazorat qilish organining mazkur chet el banki uning konsolidatsiyalashgan nazorati ostida turishi, pul mablagʻlarini depozitlarga qabul qilish huquqiga ega ekanligi va unga bankni nazorat qilish organining bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish uchun ruxsatnomasi berilganligi toʻgʻrisidagi yozma tasdiqnomasi yoxud shunday ruxsatnoma talab etilmasligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomasi;
chet el banki kapitalining va kredit reytingining Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat.
Markaziy bank yuqori kapital va kredit reytingi koʻrsatkichlariga ega boʻlgan xalqaro moliya institutlari, chet el banklari hamda boshqa kredit tashkilotlari tomonidan bank tashkil etayotganda yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etayotganda dastlabki ruxsatnomani olishning alohida tartibini belgilashga haqli.
Norezident boʻlgan jismoniy shaxslarning va xalqaro moliya institutlari, chet el banklari va boshqa kredit tashkilotlari boʻlmagan yuridik shaxslarning jami ulushi bank ustav kapitalining ellik foizidan oshmasligi kerak.
Markaziy bank xalqaro moliya institutlari, chet el banklari va boshqa kredit tashkilotlari boʻlmagan, bank muassislari (aksiyadorlari) boʻlgan norezidentlarning kapitaliga hamda kredit reytingiga nisbatan, shuningdek norezidentlar joylashgan davlatning reytingiga nisbatan eng zarur talablarni belgilashga haqli.
Imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) oxirgi benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor qilish hamda moliyaviy operatsiyalarni oʻtkazish chogʻida axborot taqdim etish nazarda tutilmaydigan davlatda yoki hududda roʻyxatga olingan yuridik shaxslar va shunday davlatda yoki hududda yashaydigan jismoniy shaxslar bankning muassislari va aksiyadorlari boʻlishi mumkin emas (bundan chet el fond bozorlarida bank aksiyalarini sotib olgan yuridik va jismoniy shaxslar mustasno).
