7-modda. Toʻlov tizimining operatori
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov tizimining ishlashini taʼminlash boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs toʻlov tizimining operatoridir.
Toʻlov tizimining operatori boʻlmagan yuridik shaxs oʻz nomida va (yoki) tovar belgisida “toʻlov tizimi” degan soʻzlarni hamda mazkur soʻzlardan hosil boʻlgan, toʻlov tizimining ishlashini taʼminlash boʻyicha faoliyatni ushbu yuridik shaxs amalga oshirayotganligini taxmin qilish imkonini beradigan soʻzlardan foydalanish huquqiga ega emas.
Toʻlov tizimining operatori:
toʻlov tizimining qoidalarini belgilaydi va toʻlov tizimining ishtirokchilari tomonidan ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
toʻlov tizimi ishtirokchilarining (ishtirokchilariga) toʻlovga va axborotga doir xabarlariga ishlov berilishini hamda ushbu xabarlarning berilishini, farmoyishlarning yakka tartibda bajarilishini yoki kliringni amalga oshiradi;
toʻlov tizimining ishtirokchisi bilan toʻlov tizimida ishtirok etish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi;
toʻlov tizimi infratuzilmasining ishlab turishini taʼminlaydi;
axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga, shuningdek toʻlov tizimining uzluksiz ishlash choralariga rioya qilinishini taʼminlaydi;
toʻlov tizimining ishtirokchilari oʻzlariga koʻrsatiladigan xizmatlardan teng va ochiq holda foydalanishini taʼminlaydi.
Toʻlov tizimining operatori toʻlov tizimi toʻgʻrisida axborot taqdim etganda toʻlov tizimining operatori faoliyatini amalga oshirishga doir oʻz litsenziyasi raqamini koʻrsatishi shart.
