51-modda. Ruxsat etilgan va ruxsat etilmagan toʻlovlar
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Agar toʻlov ushbu toʻlovni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan shaxs tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid boʻlmasa, ruxsat etilgan toʻlov boʻladi. Toʻlov pul oʻtkazish orqali amalga oshirilgan taqdirda, basharti farmoyish toʻlovchining banki tomonidan ruxsat etilmagan toʻlovlardan himoya qilish harakatlarining belgilangan tartibiga rioya etilgan holda qabul qilingan boʻlsa ham toʻlov ruxsat etilgan deb hisoblanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda amalga oshirilgan toʻlov ruxsat etilmagan toʻlov hisoblanadi. Qalbaki toʻlov vositalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan toʻlov ham ruxsat etilmagan toʻlov hisoblanadi.
Bank va toʻlovchi elektron toʻlov vositalari yordamida toʻlovlarni amalga oshirish chogʻida ruxsat etilmagan toʻlovlardan xavfsizlikni taʼminlash tartib-taomillarining bajarilishini taʼminlaydi.
Ruxsat etilmagan toʻlovlardan xavfsizlikni taʼminlash tartib-taomillari toʻlovlar ishtirokchilari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar va (yoki) elektron toʻlov hujjatlarini oʻtkazish amalga oshiriladigan toʻlov tizimining ishlash qoidalari bilan belgilanadi.
