47-modda. Farmoyishni bajarish muddati
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Toʻlovchi tomonidan farmoyish taqdim etilgan operatsiya kunida bank farmoyishning bajarilishini taʼminlaydi.
Xalqaro toʻlovlar valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etilgan holda, farmoyish olingan paytdan eʼtiboran ikki operatsiya kunidan kechiktirmay bajariladi.
Pul mablagʻlarini benefitsiarning bank hisobvaragʻiga yoki pul mablagʻlari benefitsiarning foydasiga qabul qilinishini aks ettiruvchi boshqa hisobvaraqqa oʻtkazishga doir farmoyishni bajarish farmoyish olingan kundagi operatsiya kuni davomida benefitsiarning banki tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi — uchinchi qismlarida nazarda tutilgan normalar:
inkasso topshiriqnomasi, toʻlov talabnomasi yoki akkreditivga ariza orqali taqdim etilgan;
noaniq muddatlarda bajarilishi lozim boʻlgan;
kelgusidagi valyutalashtirish sanasiga ega boʻlgan;
chakana savdoda yoki elektron tijoratni amalga oshirishda tovarlar, ishlar va xizmatlarni olish uchun elektron toʻlov vositalaridan foydalanish chogʻida toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining roziligi tarzida ifodalangan farmoyishning bajarilishiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
