15-modda. Toʻlov xizmatlari koʻrsatish
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Toʻlov xizmatlari:
Markaziy bank;
banklar;
toʻlov tashkiloti, bundan naqd pul mablagʻlarini bank hisobvaraqlariga oʻtkazish uchun qabul qilish, elektron pullarni va bank kartalarini chiqarish xizmatlari mustasno;
banklar va toʻlov tashkilotlari uchun ruxsat etilgan toʻlov xizmatlarining turlari doirasida toʻlov agenti hamda toʻlov subagenti tomonidan koʻrsatiladi.
Toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchi oʻz bank hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatadigan toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchining masofaviy xizmat koʻrsatish tizimidan foydalanishga yoki boshqa toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchining xizmatlaridan foydalanishga, basharti toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchida bunday foydalanishning texnik imkoniyatlari mavjud boʻlsa, axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni hamda toʻlov xizmatlaridan barcha yetkazib beruvchilar teng foydalanishini taʼminlashga doir talablarga rioya etgan holda haqli boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov xizmatlarini Markaziy bankning tegishli litsenziyasisiz koʻrsatish taqiqlanadi. Ushbu talab toʻlov agentlarining va toʻlov subagentlarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Toʻlov tashkiloti toʻlov xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha agentlik shartnomasi asosida toʻlov agenti yoki toʻlov subagenti sifatida toʻlov xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga haqli.
Toʻlov tashkiloti oʻz faoliyati haqidagi axborotni taqdim etishda oʻzining litsenziya raqamini koʻrsatishi shart.
