14-modda. Toʻlov xizmatlarining turlari
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Quyidagilar boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻlov xizmatlari jumlasiga kiradi:
bank hisobvaragʻidan foydalangan holda toʻlovlarni qabul qilish va amalga oshirish;
naqd pul mablagʻlarini bank hisobvaraqlariga, shu jumladan uchinchi shaxslarning hisobvaraqlariga oʻtkazish uchun qabul qilish;
toʻlovchi tomonidan bank hisobvaragʻini ochmagan holda toʻlovni amalga oshirish uchun naqd pul mablagʻlarini qabul qilish;
elektron pullarni chiqarish va qoplash;
bank kartalarini chiqarish;
elektron pullarni va bank kartalarini realizatsiya qilish;
elektron pullardan foydalangan holda amalga oshiriladigan toʻlovlarni qabul qilish va bu toʻlovlarga ishlov berish;
elektron shakldagi toʻlovlarga ishlov berish va toʻlovni amalga oshirish uchun zarur axborotni bankka berish yoki mazkur toʻlovlar boʻyicha pul mablagʻlarini qabul qilish;
pul oʻtkazmalari tizimi orqali pul mablagʻlarini qabul qilish va amalga oshirish.
Quyidagilar boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻlov xizmatlari jumlasiga kirmaydi:
toʻlovchi qaysi shaxs oldida toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchining ishtirokisiz amalga oshiriladigan majburiyatlarga ega boʻlsa, oʻsha shaxsga toʻlovni amalga oshiruvchi shaxs tomonidan naqd pul mablagʻlarini berish;
banknotlarni, tangalarni va qimmatliklarni inkassatsiya qilish;
bank hisobvaragʻini ochmagan holda naqd chet el valyutasi bilan ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish;
uchinchi shaxslar ishtirokisiz qabul qilingan toʻlovlar boʻyicha pul mablagʻlarini toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan benefitsiar foydasiga oʻtkazishni amalga oshirish chogʻida yuridik shaxs boʻlgan benefitsiar, yakka tartibdagi tadbirkor va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi oʻrtasidagi axborot-kommunikatsiyaga oid va texnologik hamkorlikni taʼminlash.
