29-modda. Tovarning kelib chiqishiga doir sertifikat
Boj tarifi toʻgʻrisida (470-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Tovarning kelib chiqishiga doir sertifikat mazkur tovarning muayyan mamlakatda ishlab chiqarilganligidan aniq dalolat berishi va unda:
joʻnatilayotgan tovarning tegishli kelib chiqish mezonlariga mosligi haqida tovar joʻnatuvchi tomonidan berilgan yozma ariza;
sertifikatda keltirilgan maʼlumotlarning haqiqiyligi toʻgʻrisida tovar olib chiqib ketilayotgan mamlakatning sertifikat bergan vakolatli organining yozma guvohnomasi boʻlishi lozim.
Tovarning kelib chiqishiga doir sertifikat bojxonada rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar bilan birga taqdim etiladi. Sertifikat yoʻqotilgan taqdirda, uning rasmiy ravishda tasdiqlangan dublikati qabul qilinadi.
Sertifikat yoki undagi maʼlumotlarning, shu jumladan tovar ishlab chiqarilgan mamlakat haqidagi maʼlumotning toʻgʻriligiga shubha tugʻilsa, Oʻzbekiston Respublikasining bojxona organi qoʻshimcha yoki aniqlik kiritadigan maʼlumot berishini soʻrab ushbu sertifikatni bergan organga yoki sertifikatda tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sifatida koʻrsatilgan mamlakatning vakolatli tashkilotlariga murojaat qilishi mumkin.
Ushbu Qonunda belgilangan hollarda tovarning kelib chiqishiga doir tegishli suratda rasmiylashtirilgan sertifikat yoki soʻralgan qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etilmaguniga qadar tovar muayyan mamlakatda ishlab chiqarilgan deb hisoblanmaydi.
