28-modda. Tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni tasdiqlash
Boj tarifi toʻgʻrisida (470-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Tovar muayyan bir mamlakatda ishlab chiqarilganligi tovarning kelib chiqishiga doir sertifikat bilan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tovarlarni olib chiqib ketish vaqtida tovarning kelib chiqishiga doir sertifikat vakolatli organ tomonidan beriladi, basharti, uning zarurligi tegishli kontraktlarda, tovar olib kiriladigan mamlakatning milliy qoidalarida qayd etilgan yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarida nazarda tutilgan boʻlsa.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga tovar olib kirilganida tovarning kelib chiqishga doir sertifikat quyidagi hollarda albatta taqdim etiladi:
boj tarifi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan preferensiya berilgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga;
muayyan mamlakatdan olib kirilishi miqdoriy cheklovlar (kvotalash) orqali yoki tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishning boshqa choralari orqali boshqarib turiladigan tovarlarga;
bojxonada rasmiylashtirishga taqdim etilgan hujjatlarda tovarlar qayerda ishlab chiqarilganligiga doir maʼlumotlar boʻlmagan yoki bojxona organida tovarni deklaratsiyasida tovarlarning ishlab chiqarilgan mamlakatiga doir notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilgan deb taxmin qilishga asos boʻlgan hollarda;
basharti, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boʻlsa.
