41-modda. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida xalqaro hamkorlik
Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-576-son) · Sana: 29.10.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida xalqaro hamkorligi milliy ilmiy maktablarning jahon miqyosida oʻz oʻrniga ega boʻlishi, dunyo ilm-fani va texnologiyalari ilgʻor yutuqlaridan milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini yuksaltirishda foydalanish, chet el investitsiyalari, chet ellik yetuk ilmiy va texnologiya markazlari, olimlar, mutaxassislarni mamlakatga jalb etish, ilmiy faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslarning xorijda tajriba va malaka orttirishlarini taʼminlash maqsadlarida amalga oshiriladi.
Davlat Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari, shuningdek xalqaro ilmiy dasturlar va loyihalar doirasidagi ilmiy faoliyatning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlaydi.
Ilmiy faoliyat subyektlari xalqaro va xorijiy ilmiy hamda texnologiya tuzilmalariga aʼzo boʻlish, xalqaro ilmiy dasturlar va loyihalarda qatnashish, cheklovlar boʻlmagan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida hamda uning tashqarisida xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar bilan bitimlar tuzish huquqiga egadir.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar ishtirokidagi ilmiy tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etiladi.
