25-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar oʻtkazish chogʻida rezidentlar hamda norezidentlarning huquq va majburiyatlari
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-573-son) · Sana: 22.10.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar quyidagi huquqlarga ega:
valyutani nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv materiallari bilan tanishish;
valyutani nazorat qiluvchi organlarning harakatlari ustidan shikoyat qilish;
valyutani nazorat qiluvchi organlar va ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) natijasida yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrni qoplanishi.
Valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar:
valyutani nazorat qiluvchi organlarga soʻralayotgan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi barcha hujjatlarni va axborotni taqdim etishi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarga tekshiruvlar oʻtkazish jarayonida, shuningdek ularning natijalari boʻyicha tushuntirishlar berishi;
valyuta operatsiyalarining hisobini yuritishi va hisobotlarni tuzishi, shuningdek ularning saqlanishini taʼminlashi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga doir talablarini (koʻrsatmalarini, taqdimnomalarini) bajarishi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarni tekshiruvlarni amalga oshirayotgan chogʻda ularning oʻz binolariga kirishini, hujjatlaridan va avtomatlashtirilgan maʼlumotlar bazalaridan foydalana olishini taʼminlashi shart.
