24-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlarning huquq va majburiyatlari
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-573-son) · Sana: 22.10.2019 · Amalda
Valyutani nazorat qiluvchi organlar Oʻzbekiston Respublikasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan oʻtkaziladigan valyuta operatsiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiqligiga taalluqli qismi boʻyicha nazoratni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirishi shart.
Valyutani nazorat qiluvchi organlar oʻz vakolatlari doirasida:
valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlarni amalga oshirishga;
rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalari boʻyicha hisob va hisobotlarining toʻliqligi hamda toʻgʻriligini tekshirishni belgilangan tartibda amalga oshirishga;
valyuta operatsiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq hujjatlarni va axborotni soʻrab olishga;
valyuta operatsiyalari boʻyicha hisobotlarni taqdim etish tartibini belgilashga;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida talabnomalar taqdim etishga hamda Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha rezidentlar va norezidentlar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan boshqa choralarni koʻrishga haqlidir.
Valyutani nazorat qiluvchi organlar faqat oʻtkazilayotgan valyuta operatsiyasiga bevosita taalluqli boʻlgan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishi mumkin.
Valyutani nazorat qiluvchi organlar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan tijorat, bank sirini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni saqlashi shart.
Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi banklari tomonidan oʻtkaziladigan valyuta operatsiyalari ustidan valyuta nazoratini amalga oshiradi.
